Avval xabar berganimizdek, Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazida hududlardagi futbol assotsiatsiyalarining media va marketing yoʻnalishi mutaxassislari uchun ikki kunlik seminar mashgʻulotlari boʻlib oʻtmoqda.
Seminarning ikkinchi kunida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasining matbuot va media boʻlimi mutaxassislari tomonidan “OAV bilan ishlash va ijtimoiy tarmoqlar” mavzusida darslar tashkil etildi. Unda futbol tadbirlarini yoritib borishda hududiy nashrlar bilan hamkorlik qilish, foto hamda video xabarlar ustida ishlash va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarni toʻgʻri yuritish yuzasidan tushunchalar berildi. Bundan tashqari, futbol oʻyinlarini tasvirga tushirish, uni jonli efirga uzatish va YouTube platformasiga joylab borishning qoidalari haqida maʼlumot berildi.
Uchrashuv davomida futbolni ommaviylashtirishda OAV bilan hamkorlik qilish muhim hisoblanishi, toʻgʻri, xolis va obyektiv xabarlarni yetkazib berishda media mutaxassislari yanada faol boʻlishlari lozimligi qayd etildi. Shuningdek, tahliliy materiallar tayyorlash, hududlardagi faxriylar, murabbiylar, futbolchi va hakamlar bilan intervyular sonini koʻpaytirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Oʻz oʻrnida, kurs ishtirokchilari ham oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Seminar yakunida OʻFA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov media va marketing mutaxassislariga bugungi kunda qoʻyilayotgan talablarga toʻxtalib oʻtdi. Faol ish olib borayotgan media xodimlarini eʼtirof etdi va seminar ishtirokchilariga sertifikatlar topshirdi.